← AI lugʻati

Mashinali oʻrganish

Machine learning (ML)

Kompyuterga qoidalarni qoʻlda yozib bermasdan, uni koʻplab misollardan qonuniyatni oʻzi topishga oʻrgatish usuli.

Oddiy dasturda dasturchi har bir qoidani oʻzi yozadi: "agar shunday boʻlsa, buni qil". Mashinali oʻrganishda esa boshqacha. Dasturchi kompyuterga minglab, hatto milliardlab misol beradi va faqat oʻrganish usulini yozadi. Qonuniyatni esa kompyuter oʻzi topadi.

Bozordagi tajribali qovunfurushni eslang. U qovunning shirinligini kitobdagi qoidadan emas, yillar davomida minglab qovunni ushlab, hidlab, kesib koʻrganidan biladi. Oʻz "qoidasini" qogʻozga toʻliq yozib berishga uning oʻzi ham qiynaladi. Mashinali oʻrganish ham shunday: tajriba qancha koʻp boʻlsa, taxmin shuncha aniqlashadi.

Misol: pochtangizdagi spam filtri. Unga hech kim har bir firibgar xatni sanab bermagan. U millionlab "spam" va "spam emas" deb belgilangan xatlarni koʻrib, farqini oʻzi oʻrgangan.

Til modellari ham shu usulda yaratiladi. Shuning uchun "ChatGPTʼning javoblarini dasturchilar qatorma-qator yozib qoʻygan" degan gap mif. Dasturchilar faqat oʻqitish usulini yozadi, bilimni esa model maʼlumotlardan oʻzi oladi.